Jizzax viloyati Sharaf Rashidov tumanidagi uylardan birida og‘ir tan jarohatlari bilan 25 yoshli ayolning jasadi topildi. Ushbu qotillikda uning eri gumon qilinmoqda, deb xabar berdi “Millar” teledasturi.

Marhumning opasining so‘zlariga ko‘ra, hayoti davomida er-xotin o‘rtasida doimo nizolar kelib chiqqan.

“Kelin bo‘lib tushgan vaqtdan beri ularni janjali tugamadi. 2022-yilda qattiq janjal bo‘lgan, [er] qattiq urgan, shundan so‘ng u ota-onasining uyiga qaytib kelgan. “Selsovet”dagilar yashasin, degan, himoya orderi olib berilgan”, — dedi opasi.

Boshqa opasi esa uning qanday o‘lganini bilmasligini, lekin marhumning uch yoshli o‘g‘li otasi onasini tayoq bilan urganini aytganni ta’kidladi.

Mahalla faollaridan biri ham vaziyatga izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, marhum yaxshi ayol bo‘lgan va ularning uyi doim toza bo‘lgan.

“Marhumning eri uyni tozalamaganidan shikoyat qilardi. Qolaversa, u Telegram va Instagram’da kimdir bilan yozishayotganini ko‘rib, janjal qilgan. Menimcha, uning bu harakatiga asosiy sabab rashk edi”, — deydi mahalliy faollardan biri.

Aniqlanishicha, gumonlanuvchi turmush o‘rtog‘ini qasddan bir necha marta urib, og‘ir tan jarohatlari yetkazgan, keyin esa bo‘g‘ib o‘ldirgan.

Hozirda holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.